Shanba kuni Berlinning Sharlottenburg tumanida bo‘lib o‘tgan Gen Z regelt («Z avlodi hal qiladi») yoshlar harakati namoyishida taxminan 1,2 ming kishi ishtirok etdi.
Bu haqda Report nashri Berliner Zeitung gazetasiga tayanib, yakshanba kuni xabar berdi.
Mahalliy polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, namoyish davomida 22 kishi qo‘lga olingan. Jamoat tartibini buzish, hujum qilish, hibsga olishga qarshilik ko‘rsatish va portlovchi moddalar bilan muomala qilish qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha 13 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ta’kidlanishicha, namoyish ishtirokchilari Savini maydonida to‘planib, Kurfyurstendamm ko‘chasi bo‘ylab Xalenze stansiyasigacha yurishgan. Ishtirokchilarning aksariyati 30 yoshdan kichik bo‘lgan. Jamoat tartibini ta’minlash uchun hokimiyat tomonidan qariyb 700 nafar polisiya xodimi jalb etilgan.
Namoyishchilar majburiy harbiy xizmatga chaqiruv tizimining qayta joriy etilishi, maktablar, universitetlar va ijtimoiy xizmatlarni yetarlicha moliyalashtirmaslik, shuningdek, narxlarning oshishiga qarshi chiqishgan. Ishtirokchilar talablari orasida iqlimni muhofaza qilish choralarini kuchaytirish ham bor. Namoyishga Kommunistik yoshlar ittifoqi va boshqa tashkilotlar vakillari ham qo‘shilgan.
Qayd etish joizki, bu Gen Z regelt harakatining Berlindagi ikkinchi yirik namoyishidir. 31 oktyabr kuni Brandenburg darvozasi oldida polisiya ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 5 ming kishi to‘plangan. Tashkilotchilar esa ishtirokchilar sonini 11 ming nafar deb baholagan.
Harakatning navbatdagi yirik aksiyasi 20 noyabr kuni umumevropa yoshlar ish tashlashi doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Gen Z regelt harakati Germaniya bo‘ylab namoyishlarga chaqirmoqda.
Berlindagi tadbirda ishtirok etish uchun 15 ming kishi ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, poytaxtda Brandenburg darvozasi va Aleksanderplas maydonida alohida namoyishlar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.