Belgiya Markaziy Osiyoni strategik muhim hudud sifatida ko‘rib, mintaqadagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha yangi qadam tashladi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Maksim Prevoning bildirishicha, Belgiya O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida o‘z elchixonasini ochadi.
Tashqi siyosiy idoraning ta’kidlashicha, Markaziy Osiyo – ayniqsa, Transkaspiy koridori orqali ulkan geostrategik imkoniyatlar yaratayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqa. U Xitoy, Rossiya, Pokiston, Hindiston, Eron va Afg‘oniston kabi yirik geosiyosiy o‘yinchilar chegarasida joylashgani bilan ham ahamiyatli.
Bir qator xorijiy davlatlar allaqachon mintaqaning kelajakdagi rostdan katta o‘sishiga ishonib, bu yerga salmoqli investisiyalar yo‘naltirmoqda. Belgiya esa o‘zining ishtirokini kuchaytirishni strategik investisiya sifatida baholamoqda.
«Belgiyaning diplomatik vakolatxonalari tarmog‘i xalqaro maydonda mamlakatimiz hamkorligi kengayishi, xavfsizlik va milliy manfaatlarimiz himoya qilinishida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Zamonaviy geosiyosiy sharoitda bu tarmoq yanada harakatchan va samarali bo‘lishi shart», – deydi Prevo.
Qirollik Tashqi ishlar mahkamasi axborotida Transkaspiy koridori orqali Yevropa va Osiyoni bog‘laydigan yangi transport-logistika yo‘nalishlari aynan O‘zbekiston ishtirokida shakllanayotgani, Belgiya esa bu jarayonda o‘z vaqtida va faol ishtirok etishni ahamiyatli deb hisoblayotgani ta’kidlanadi.
Qayd etilishicha, mazkur qadam Belgiyaga mintaqadagi siyosiy-iqtisodiy jarayonlarni yaqindan kuzatish, hamkorlik imkoniyatlarini erta aniqlash va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni o‘z vaqtida baholash imkonini beradi.