Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi daraxtkushlik bilan bog‘liq holat yuzasidan 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksning 198-moddasi 2-qismiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Aniqlanishicha, hududda jami 174 ta daraxt kesilgan bo‘lib, tabiatga 1 mlrd 463 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgan.
Rasul Kusherbayev "daraxt kesish topshirig‘ini bergan shahar hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Raxmonov yana suvdan quruq chiqqanini, uning o‘rniga topshiriqni bajargan, "tanka"si yo‘q obodonlashtirish xodimlari javob berishini" aytmoqda.
"Mana bu haqiqiy nomardlik. Ayni vaqtga tergov harakatlari olib borilmoqda. Ko‘ramiz: xalqimizga qonunni barchaga teng qo‘llashga va’da bergan prokuraturaning kuch va jur’ati hokim o‘rinbosariga ham yetadimi yo bu kuch faqat oddiy odamlarga ishlatiladimi?", deb yozadi Kusherbayev.