Bugun 21 noyabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Bekobod IIBdan o‘ligi chiqqan marhumning akasi: "IIB xodimlari bizni 7-10 daqiqa do‘pposlashdi"

Bekobod IIBdan o‘ligi chiqqan marhumning akasi: "IIB xodimlari bizni 7-10 daqiqa do‘pposlashdi"

Toshkent viloyati Bekobod shahri ichki ishlar bo‘limi binosida 43 yoshli Dilmurod Yusupvaliyev xodimlarning kuch ishlatishi oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin. Rasmiylar avvaliga uning hushini yo‘qotgani va shifoxonaga olib borilganida vafot etgani aniqlangani haqida ma’lumot bergandi. Bir necha kun o‘tib, Bosh prokuratura ish yuzasidan bir nafar IIB xodimi qamoqqa olinganini bildirdi.

«Gazeta.uz» jurnalisti Mirolim Isajonov Bekobod tumanida bo‘lib, marhumning yaqinlari, jumladan, uning akasi va onasi bilan suhbatlashdi. Quyida videointervyuni matn shaklida havola etamiz.

«Hammasi qarzga berilgan sement ortidan boshlandi»

— Toshkent viloyati IIBB bergan ma’lumotga ko‘ra, siz va marhum ukangiz jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahri sudida janjal ko‘targan ekansiz. U qanday sud majlisi edi va sizlar nima sababdan janjal ko‘targansiz?

— 2021 yilda ukam Husan Yusupvaliyev tanishi Abbos Achilov degan shaxsga 29 mln so‘mlik sementni qarzga bergan. Abbos qarzini uzmay, ancha vaqt cho‘zib yurgan va ular orasida nizo kelib chiqqan. Ma’lum muddat o‘tib, Abbos bir guruh yigitlar bilan ukalarim — Husan va Bunyod ishlayotgan do‘konga borib, Husanni «onamni so‘kding», deya urgan. Ularni ajratmoqchi bo‘lgan Bunyodni esa bir guruh yigitlar o‘rtaga olib, qo‘lidagi temirlar bilan do‘pposlagan. Oqibatda Bunyodning yelka suyagi, yettita qovurg‘asi singan. Husanga ham temirlar bilan jarohat yetkazishgan. Voqea shahar bozoriga yaqin joyda bo‘lgani uchun o‘sha atrofdagi aholi ularni ajratib, ichki ishlar [xodimlari]ni chaqirgan.

Oradan yarim soat o‘tib, Abbos IIBda ishlaydigan qarindoshi bilan shifoxonaga borgan va ikki kishi ko‘zimga pichoq tiqib oldi, degan. Shifoxonadagilar ichki ishlar bo‘limiga xabar bergach, IIB xodimlari bilan voqea yuz bergan joyga bordik. Holat do‘kondagi kameralarga yozib olingan ekan. Videoyozuvni ko‘rganimizda ukalarim — Husan va Bunyodning qo‘lida nafaqat pichoq, balki hech qanday tig‘li qurol yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Ammo ichki ishlar xodimlaridan iborat guruh voqea ishtirokchilarini o‘sha kuni ushlab, qo‘lga olmadi. Bir necha kun ichida jinoiy guruhdagi yigitlarning ota-onalari, yaqinlari biznikiga kelib, o‘g‘illari [xato ish qilib qo‘yganini] aytgach, ukalarim o‘zimiz kelishib, gaplashib olamiz, deya da’vomiz yo‘q, deyishgan. Tergovga chaqirishganida ham, ikkisi da’vom yo‘q, deb yozib bergan, ularning xatosi shu bo‘lgan.

Lekin Abbos IIBga qayta ariza bilan murojaat qilib, boshqa ko‘rsatma bergan. U birinchi ko‘rsatmasida «erga yiqilib tushganimda ko‘zimga nimadir kirib ketgan», deya ko‘rsatma bergan, keyingisida esa «Husan ko‘zimga musht tushirgach, ko‘zim chiqib ketdi», degan mazmunda ko‘rsatma yozgan. Ukam haqiqatan uni musht bilan urgan ekan. Shundan keyin Husan va Abbosning to‘rt nafar sherigi ehtiyoj chorasi sifatida qamoqqa olindi. So‘ngra sud jarayoni boshlandi. Sud ancha vaqt davom etdi. Hukmga ko‘ra, qurollanib, do‘konga bostirib kelgan guruhdagi yigitlarga uy qamog‘i, qarz berib, kaltak yegan Husanga esa 5 yilu 1 oy qamoq jazosi tayinlandi. Biz hukm bo‘yicha apellyasiya shikoyati kiritdik. Ko‘zim ko‘r bo‘lib qoldi, degan Abbos Achilovning ko‘zini operasiya qilgan Toshkentdagi vrach sudga chaqirtirildi. Shifokor sudda «Abbosning ko‘ziga musht yon tarafdan urilgan va oqibatda ko‘r bo‘lib qolmaydi, ko‘zga to‘g‘ridan musht tushganda ham ko‘r bo‘lmaydi, chunki burun va qosh sohalar ko‘zni to‘sib qoladi», deya fikrlarini bildirdi. Ammo sud vrachning gaplariga ham e’tibor bermay, hukmni o‘zgartirishsiz qoldirdi.

bekobod shahri, iib binosi, iib binosidagi o‘lim

Dilshod Yusupvaliyev, marhumning akasi.

Sud hukmidan norozi bo‘lib, kassasiya tartibida Oliy sudga murojaat qildik. Oliy sud tomonidan ish hujjatlari o‘rganildi. Birinchi tergov vaqtida jinoiy guruh yigitlarining qo‘lidagi temirlar ayblov xulosasiga kiritilmagan, ya’ni temirlar ashyoviy dalil sifatida olinmagani ma’lum bo‘ldi. Abbos Achilovning ko‘zi haqiqatan ham voqea joyida ko‘r bo‘lganmi yoki yo‘qmi, bu haqda guvohlardan ham so‘ralmagani, janjal ro‘y bergan joyda ko‘zidan qon oqqan bo‘lsa, qon dog‘lari dalil sifatida olinmagani va o‘rganilmagani oydinlashdi. Shundan so‘ng Oliy sud ishni ikkinchi apellyasiyaga qaytarib yubordi. Biroq bundan keyin ham sezilarli ijobiy ishlar bo‘lgani yo‘q, ya’ni voqea bo‘yicha qayta tergov ishlari chuqur amalga oshirilmadi, ishni avval tergov qilgan viloyat tergovchilarining ikki nafariga nisbatan xizmat tekshiruvchi o‘tkazilmadi. Xullas, adolat izlab, uch yildan beri sudma-sud sarson yuribmiz.

Ukam Husan 2 yilu 1 oy davomida Zangiotadagi «Toshturma»da jazo muddatini o‘tadi. 2023 yil 28 noyabrda viloyat sudi unga nisbatan ehtiyoj chorasini o‘zgartirib, ochiqlikka chiqardi. 2024 yildan yana sud jarayoni boshlandi. 19 iyun kuni Bekobod shahri sudida bo‘lgan sud majlisi oxirgisi edi. O‘sha kuni sudya hukm chiqardi: uch yildan beri ozodlikdan mahrum etish jazosini olmagan guruh a’zolariga kam muddatli qamoq jazosi berildi, ukam Husan esa 7 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Dadam o‘rnidan turib, sud hukmiga nisbatan norozilik bildirdi, nima sababdan 7 yilga qamoq jazosi berilgani sababini so‘radi. Ichki ishlar xodimi otamning qo‘lidan ushlab, «o‘tir», deya sensiradi. Buni ko‘rgan marhum ukam Dilmurodning jahli chiqdi va o‘rnidan turib, «Nega o‘zingdan katta odamni sensirayapsan?» dedi. Ukamga ikki nafar IIB xodimi yopishdi. «Qo‘lini qo‘yib yubor», dedim. Sudya bir necha marta «olib ket, yo‘qot bularni», dedi. Shu gapdan keyin ichki ishlar xodimlariga «dux» kirdi. Bizni sud majlisi bo‘layotgan zalning yonidagi xonaga olib kirishdi. Ukamga 4 nafar IIB xodimi yopishdi, bir xodim qo‘lini qayirib, «mazangni qochiraman», dedi. «Maza qochiradigan bo‘lsang, ustingdagi formangni yechib, biror joyga chaqirsang, boraman», — deya javob qaytardi ukam.

«Bizni IIB xodimlari 7−10 minut davomida urdi»

— Rasmiy xabarga ko‘ra, ukangiz IIB binosiga kirish yo‘lagida sog‘lig‘i yomonlashib, hushini yo‘qotgan. Haqiqatan shundaymi, u birdan hushini yo‘qotdimi? Vaziyat haqida batafsil aytib bersangiz.

— Ko‘chaning bu tarafi Jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahri sudi bo‘lsa, narigi tomonida IIB binosi joylashgan, oradagi masofa taxminan 150 metr chiqadi. Ko‘chaga chiqishimiz bilan 5 nafar IIB xodimi ukamning qo‘lini qayirib, ichki ishlar binosiga olib kirdi, orqasidan men kirdim. Darvozadan o‘tishim bilan 3 xodim mening ham qo‘limdan qayirib, olib kirib ketdi. «Nulyovka» degan xonada bitta xodim ukamning qo‘llarini qayirib turdi, ikkitasi qorniga tepdi, yana bittasi dubinka bilan urdi. Ukam qornini ushlagan holda yerga yiqildi va menga «tez yordam chaqir, mazam qochyapti», dedi. O‘sha vaqtda xodimlar meni ham urdi va yerga yiqildim. «Tez yordam chaqir, ukamning mazasi qochyapti», deyishim bilan bitta xodim qulog‘imga ketma-ket urdi. Besh-olti xodim ukamni ko‘z oldimda yana tepdi.

— Birorta ichki ishlar xodimi ajratmadimi?

— Umuman ajratgani yo‘q. O‘sha yerda 8 nafar ichki ishlar xodimi bor edi. Uchtasi meni urgan bo‘lsa, qolgani ukamni urdi, hammasi yosh yigitlar ekan. Ular tez yordam chaqirish o‘rniga ukamni «nulyovka» xonasining eshigi oldida yana urdi. Navbatchi xodimga ham tez yordam chaqirishini aytdim, ammo chaqirgani yo‘q, hammasi tomoshabindek qarab turdi. Xodimlar bizni 7−10 minut davomida urishdi.

O‘zimning telefonim sudda qolib ketgan ekan. Ko‘chaga yugurib chiqdim, tez yordam chaqiringlar, deb baqiraverganimdan keyin «nachalnik» milisiyasi chiqdi. Telefonimni olib, ko‘chada turgan amakim va tanishlarga berib, tez yordamga qo‘ng‘iroq qilib, chaqirishlarini aytdim. O‘sha paytda yana ikkita xodim meni ichkariga olib kirib ketdi. Men ko‘chaga chiqqanimda ichkarida qolgan ukamning joni uzilib bo‘lgan ekan. Ular pulsini o‘lchab, yuragi urmayotganini bilishgan ekan, bizni olib kelgan xodimlar yo‘q ekan kirsam, hammasi qayergadir ketib qolgan, birortasi yo‘q. Bir xodim esa tushuntirish xati yozib bering, deb yuribdi ortimdan.

Sardor degan tergovchi yigit bilan ukamning pulsini o‘lchab ko‘rdik. Sun’iy nafas berib, yuragini massaj qildim. Chiqib ketayotganimda ukamning tanasining bir qismi kaltaklangan xonada bo‘lsa, bir qismi koridorga chiqib turgandi. Men kelganimda koridorga chiqarib, uzala yotqizib qo‘yishgan ekan. Ko‘karib, tanasi sovib qolgandi. Tili ketib qolmaganmikan, deb og‘zini ham ochib ko‘rdim, tili joyida ekan. O‘sha yerda baqirib yursam, «nachalnik» milisiyasi menga: «Shantaj qilmang, bu yerda kim uradi, hamma joyda kamera-ku?» — dedi. Bu nima, deb qulog‘imga urgan joyini ko‘rsatdim, kiyimlari oyoq izi bo‘lib ketgandi. Shuncha gapdan keyin, yarim soat vaqt o‘tib, tez yordam chaqirishdi. Hushsiz yotgan holida navbatchi milisiya kelib, suv berib ko‘ring, biz bersak, ichmayapti, deydi.

IIB xodimlari ukamning kamaridan, men oyoqlaridan ushlab, [ichki ishlarning] xizmat mashinasiga ortdik va ular olib ketishdi. Chunki tez yordamga kech qo‘ng‘iroq qilishgani uchun tez yordam kelmadi. Men ham boraman desam, olib qolib, tushuntirish xati yozib berasiz, deyishdi. Ko‘chadagi tanishlarga ukamni kasalxonaga olib ketishganini baqirib aytdim. Qaysi kasalxonada ekanini bilib beringlar, dedim ichki ishlardagilarga, bilib berishmadi. Meni o‘sha yerda 3 soat ushlab turishdi, nimaga ushlab o‘tirganini bilmayman. [IIB xodimlari] bizga vahshiylarcha munosabat qildi. [Dadam, marhum ukam] jinoyatchi emas edi-ku, sud qaroriga norozilik bildirishgan edi, xolos. Ukamni urib, tepib, xayotiga nuqta qo‘yishdi.

— Ukangizning ta’ziyasiga ichki ishlar xodimlari ham kelgani haqida eshitdik. Qancha xodim qatnashdi?

— Aniq sonini bilmayman, taxminan 8−10 nafar xodim keldi. Lekin atrofdagi ko‘chalar IIB xodimlari bilan to‘ldi. «To‘polon ko‘tarishmasin, janjal qilishmasin», degan maqsadda ichki ishlar xodimlarini olib kelib qo‘yishdi.

— Tushunishimcha, qarzga berilgan sement ortidan oilangizga shuncha muammo tug‘ildi, shundaymi?

— Ha. Marhum ukam Dilmurod yoshligidan sport bilan shug‘ullangan, baquvvat yigit edi, musobaqalarda qatnashardi. To‘rt nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qizlari bor edi, kenja o‘g‘il farzandi bir yoshga ham to‘lmagandi. Bir, ikki yildan keyin qizini turmushga uzatmoqchi edi. Hozir to‘rt farzand otasiz qoldi. Husan ismli ukam esa qamoqda, yuqorida aytganimdek, uning ishi bo‘yicha sudma-sud adolat izlab yuribmiz. Husanni 1 va 3 yoshli farzandlari bor. Bunyod ismli ukam esa nogiron bo‘lib qoldi. O‘zim ham ko‘p zarar ko‘rdim: qulog‘imga urganda kontuziya bo‘lgan ekanman, quloq pardam yirtilibdi. Yelkalarimda ko‘kargan jarohatlar bor, bir necha kunda yo‘q bo‘lib ketsa ham kerak. Sement ortidan oilamizga ketma-ket shuncha muammo paydo bo‘ldi.

— Sizlar marhumning yaqinlari sifatida nima istaysizlar?

— Prezidentimiz aytgan adolatni 3 yildan beri izlab yuribmiz. Bizga adolatli qaror kerak. Qamoqdagi ukamning ishi bo‘yicha hujjatlar qayta o‘rganilsa, haqiqat yuzaga chiqadi. Prezident adminstrasiyasi, DXX raisi shu ishni nazoratga olib, yordam berishlarini so‘raymiz.

Bizni urgan xodimlarning barchasining ism-familiyasi, yashash manziligacha ma’lumot bor. Nega ularni ichki ishlar ko‘chaga qo‘yib yuborganiga, ular erkin yurishganiga hayronman. Biz hozir ularni nimadir qilishimiz kerakmi? Ichki ishlar axborot xizmati yo‘lda o‘lib qolgan, IIB xodimlari urmagan, degan ma’lumot tarqatyapti. Ukamning o‘sha xonada joni uzilganining rasmlari, video- va audioyozuvlari turibdi menda. Marhum ukam va meni urgan sakkiz nafar IIB xodimining barchasiga chora ko‘rilishini talab qilaman. Bittasiga chora ko‘rib, qolganini yashirishlarini xohlamayman. Birinchi navbatda, Bekobod shahri IIB boshlig‘iga chora ko‘rishlarini so‘rayman.

Kiritildi: 11:27 02.07.2024. O'qildi: 3412 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!