Bosh prokuratura huzuridagi Departamentining Bekobod shahar bo‘limi, DXX va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, “Bekobod dehqon bozori” bosh nazoratchisi K.T.ga o‘zini bloger deb tanishtirgan fuqaro SH.A. undan 1 000 AQSh dollari talab qilib, aks holda pandemiya sharoitida ommaviy axborot vositalari xodimlariga bozorda antisanitariya holatlari mavjudligi haqida tanqidiy videotasvirlar oldirib, Internet ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish bilan qo‘rqitib, talab qilgan 1 000 AQSh dollaridan 700 AQSh dollarini tovlamachilik yo‘li bilan olgan vaqtida ushlangan.
Shuningdek, fuqaro SH.A. dehqon bozorining filialida Davlat dasturi asosida qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilayotganligidan xabar topib, ushbu ta’mirlash ishlaridagi kamchiliklarni ijtimoiy tarmoqlarda tanqidiy tarzda ko‘rsatmaslik hamda ushbu ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlarini olib borayotgan firmaga hech kim tazyiq o‘tkazmasligi evaziga 300 AQSh dollari talab qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan fuqaro SH.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.