Bugun 26 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Begona avtoraqamda sayr qilish 17 yoshli yigitga qimmatga tushdi

Begona avtoraqamda sayr qilish 17 yoshli yigitga qimmatga tushdi

Navoiyda otasiga tegishli bo‘lgan avtomashina davlat raqam belgisini soxtalashtirib, boshqa shaxsning jarimaga «tushishi»ga sababchi bo‘lgan o‘smirning qilmishi fosh bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati rahbari Fayoz Qosimov ma’lum qildi.

«Men shu yaqin orada Navoiy viloyatiga bormagan bo‘lsam, mening nomimga bunday avtojarimalar qanday qayd etilgan bo‘lishi mumkin?» – deya Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashovchi fuqaro Navoiy viloyati IIB JXX YHXBga murojaat qilgan.

Holatga ko‘ra, buxorolik fuqaroga tegishli bo‘lgan 85 O 909 JA davlat raqam belgili, oq rangli «Lasetti» rusumli avtomashinaning harakatlanishi natijasida ushbu avtomashina egasiga tezlikni oshirish va boshqa shu turdagi qoidabuzarliklar bilan bog‘liq jarimalar kelgan. Biroq, murojaat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu holatni, aslida, noma’lum avtomashina egasi davlat raqami belgisini o‘zgartirgan holda harakatlangani aniqlangan.

Ushbu jarayonda Navoiy viloyatidagi barcha avtmobil yo‘llarda o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari nazoratdan o‘tkazilgan.Otasiga tegishli bo‘lgan oq rangli «Lasetti» rusumli 85 O 609 JA davlat raqam belgili transport vositasini voyaga yetmagan fuqaro R.D. o‘zboshimchalik bilan davlat raqam belgisini o‘zgartirgan holda harakatlanib yurgani aniqlangan. Bu ham yetmagandek, u tezlik qoidalari va svetofor ishoralariga mutlaqo amal qilmagan.

17 yoshli yigit mazkur davlat raqam belgisini Navoiy shahridagi metall buyumlarni yig‘ib oluvchi bir korxona yaqinidan topib olgganini iddao qilgan.

«Otamga tegishli bo‘lgan mashina kalitini yashirin ravishda o‘zimga qo‘shimcha nusxada yasatib oldim. Keyin otamga o‘zini kalitni qaytarib berdim. Otam mening kalit yasatib olganimdan xabarsizligi uchun u uyda yo‘q paytida mashinani o‘zim olib chiqdim. Keyin o‘zim topib olgan o‘sha raqamni otamning mashinasiga taqdim. Navoiy shahri ichida anchagina harakatlandim va keyin Mirbozorgacha bordim. Hech kim bilmaydi, deb o‘ylagandim. Lekin, adashgan ekanman. Boshqa bu holat takrorlanmaydi. Hammasi uchun uzr so‘rayman», - degan R.D.

R.D.ning otasi ham voqeadan xabarsiz bo‘lganini, o‘g‘lining xatti-harakatiga e’tibor qaratmaganidan afsusda ekanini va bundan keyin bunday o‘zboshimchalikni qayta takrorlashiga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.

«Voyaga yetmagan bolalarning o‘zboshimchaligi-yu, nazoratsiz qoldirilishi natijasida sodir bo‘layotgan yo‘l transport hodisalarida, nafaqat, jabrlanuvchilar tan jarohatlari olishmoqda, balki, bu o‘lim holatlari bilan ham yakunlanmoqda. Otasining erkasi bo‘lgan o‘yinqaroq erkatoylar, o‘zim bilganimcha harakatlanaman, menga hech kim, hech narsa qila olmaydi, deb o‘ylashadi. Ammo, shahar bedarvoza emas. Qonun hamma uchun barobar», - deydi Fayoz Qosimov.

Hozirda R.D.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 227-1-moddasi (Avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini yoki identifikasiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, o‘tkazish yoki ulardan foydalanish, shuningdek ularni qalbakilashtirish) bilan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kiritildi: Bugun 15:43. O'qildi: 547 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!