Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangan paytda NATO bosh kotibi lavozimini egallab turgan Yens Stoltenberg The Sunday Times nashriga bergan intervyusida Zelenskiyning "Ukraina havo hududini yopish" iltimosi rad etilgani sabablari haqida so‘zlab berdi.
"Zelenskiy menga Kiyevdagi bunkeridan qo‘ng‘iroq qildi, yo‘lda rus tanklari harakatlanayotgan edi. “Siz NATO quruqlikdagi qo‘shinlarini Ukrainaga kiritmayotganingizni tushunaman, garchi bunga qo‘shilmasam ham. Ammo, iltimos, mamlakatimiz havo makonini yoping. Rus samolyotlari, dronlari va vertolyotlari uchib, bizni bombardimon qilmasin”, dedi Ukraina prezidenti", — deya eslaydi Stoltenberg.
Biroq Stoltenberg Zelenskiyga rad javobi bergan, chunki bu NATO samolyotlarining xavfsizligi uchun Rossiya va Belarusdagi havo mudofaa tizimlarini yo‘q qilishni talab qilgan bo‘lardi.
"Agar havoda rus samolyoti yoki vertolyoti paydo bo‘lsa, biz uni urib tushirishga majbur bo‘lardik, bu esa NATO va Rossiya o‘rtasida haqiqiy urushni anglatadi. Biz bunga tayyor emasmiz. O‘sha paytda AQSh prezidenti bo‘lgan Jo Bayden aytganidek, biz Ukraina uchun uchinchi jahon urushi xavfiga bormaymiz", — dedi alyansning sobiq bosh kotibi.
Stoltenbergning fikricha, Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga kirishmasdan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash hali ham “to‘g‘ri yo‘l” hisoblanadi. Shuningdek, uning ta’kidlashicha, agar alyans Qrim annekciyasidan so‘ng darhol Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatganida, ehtimol Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini umuman yuz bermagan bo‘lardi.