Pandemiya sababli yuzaga kelgan tanaffus paytida «Barselona»ning bir nechta a’zosi koronavirus yuqtirib olgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda RAC1 xabar bermoqda.
Manbaning yozishicha, COVID-19 infeksiyasi bilan Kataloniya jamoasining 5 nafar futbolchisi va 2 nafar xodimi kasallangan. Ularning barchasi virusni kasallik alomatlarisiz o‘tkazishgan va hozirda o‘zlarini yaxshi his qilgan holda jamoa bilan shug‘ullanishmoqda.
Oldinroq «Barselona» barcha futbolchilar va xodimlar testdan o‘tkazilgani va hech kimda virus qayd etilmaganligi haqida ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Ispaniya chempionati o‘yinlari pandemiya sababli mart oyida to‘xtatilgandi. Bahslar 11 iyundan davom ettirilishi ma’lum qilingan.