Ramazondan keyingi boks oqshomining Top Rank tomonidan tashkil etilayotganini inobatga olsak, bu xabar haqiqatga o‘xshaydi.
Boisi, Jalolov taniqli promouter Bob Arumga tegishli ushbu promouterlik kompaniyasining mijozi hisoblanadi. Superog‘ir vazn toifasidagi charm qo‘lqop ustamizning 7 fevral kungi jangi husnbuzar sabab bekor qilingandi.
Jalolov Kanadaning Monreal shahrida o‘tkazilgan prof boks oqshomi doirasida fransiyalik Devid Spilmont bilan jang qilishi kerak edi. Ammo tashkilotchilar Bahodirning yuzidagi husnbuzar tufayli jangni bekor qilishgandi. Shundan keyin Jalolov ham, Spilmont ham tez orada boshqa manzilda jang o‘tkazishga tayyor ekanliklarini bildirishgandi. Bokschimizning jamoasi fransuz bokschisini Toshkentga ham taklif qilgandi.
Bizga yetib kelgan xabarlarga tayanadigan bo‘lsak, Bahodir Jalolov 5 aprel kuni Qozog‘istonning Astana shahrida tashkil etiladigan katta prof boks oqshomida jang o‘tkazadi. Hozircha uning raqibi kim bo‘lishi haqida ma’lumot yo‘q.
"Baris Arena"da o‘tkaziladigan turnirning markaziy jangida o‘rta vazn toifasida IBF va WBO yo‘nalishlari chempioni qozog‘istonlik Janibek Alimxanuli (16-0, 11 KO) kelib chiqishi kongolik, hozirda Fransiya sharafini himoya qilayotgan Anauel Ngamissenge (14-0, 9KO)ga qarshi ringga ko‘tariladi.
Shuningdek, Astanadagi turnirda qozog‘istonlik aka-uka Mahmud va Torexan Sabirxonlar professional boksdagi debyut janglarini o‘tkazishadi.