Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyevning ta’kidlashicha, bolani maktabga 7 yoshdan qabul qilish uning rivojlanishi uchun juda kech. Ekspertning fikricha, 7 yoshgacha bola miyasi faol rivojlanadi va bu imkoniyatni yo‘qotish keyingi ta’lim samaradorligini keskin pasaytiradi.
Ta’lim masalalari bo‘yicha ekspert Bahodir G‘aniyev YouTube’dagi «Fikrat» loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistondagi ta’lim tizimidagi asosiy muammolar haqida fikr bildirdi. Unga ko‘ra: — «Bolani maktabga 7 yoshdan qabul qilish biologik va diniy nuqtai nazardan kech hisoblanadi. Ajdodlarimiz ko‘pincha 5–6 yoshdan o‘qish, yozishni bilishgan va hatto Qur’onni yod olgan».
G‘aniyevning aytishicha, bolani ertaroq o‘qitish deganda uni kun bo‘yi partaning oldida o‘tqazish nazarda tutilmaydi. 2–3 yoshdanoq unga ertak o‘qib berish, muloqot ko‘nikmasini shakllantirish muhim. Miyaning eng faol ma’lumot qabul qiladigan davri 7 yoshgacha bo‘lib, shu paytda yaxshi rivojlanmagan bola keyingi o‘qish jarayonida 50 foizgacha imkoniyatini yo‘qotishi mumkin.
«Ota-onalar maktab tanlaganda, reklama yoki tashqi ko‘rinishga emas, o‘qituvchi sifatlari va maktabning bolani komil inson qilib tarbiyalash dasturlariga e’tibor qaratishlari lozim. Maktab faqat til o‘rgatish markazi bo‘lmasligi, balki mustaqil fikrlaydigan, to‘g‘riso‘z va keng dunyoqarashli inson shakllantirishi zarur».
Shuningdek, u maktabning uyga yaqinligi, o‘qituvchining talabchan va bilimdonligi, ta’lim jarayonida ijobiy muhit yaratilishi muhimligini qayd etdi. Ta’limga sarflanadigan mablag‘larni to‘ydan qolgan mablag‘lar hisobiga emas, balki ustuvor ravishda ajratish zarurligini ta’kidladi.