Astraxandagi xususiy uyda sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida besh nafar bola halok bo‘ldi.
Bu haqda Telegramda Rossiya Tergov qo‘mitasining Astraxan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xabar berdi.
Astraxanning Kirov tumanidagi Olxovskiy ko‘chasida, mahalliy vaqt bilan yakshanba kuni tungi soat ikkida xususiy uyda yong‘in sodir bo‘lgan.
"Astraxan viloyati bo‘yicha Rossiya Tergov qo‘mitasining Astraxan shahri Kirov tumani bo‘yicha tergov bo‘limi tomonidan yong‘in oqibatida to‘rt nafar bolaning o‘limi yuzasidan prosessual tekshiruv o‘tkazilmoqda," - deyiladi xabarda.
Keyinroq boshqarma o‘t o‘chiruvchilar voqea joyida beshinchi bolaning jasadini topganini qo‘shimcha qildi.
Halok bo‘lgan bolalarning onasi uyda bo‘lmagan, hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi hal qilinmoqda, hodisaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda.