O‘zbekistonlik paraatlet Asila Mirzayorova 2026–2030 yillar uchun Osiyo Paralimpiya qo‘mitasining (AsPC) Sportchilar qo‘mitasi a’zoligiga nomzodlar qatoridan joy oldi.
Saylovda Osiyoning 10 ta mamlakati va hududlaridan turli paralimpiya sport turlari vakillari bo‘lgan jami 10 nafar sportchi ishtirok etadi. Mirzayorova O‘zbekiston va paraatletika nomidan qatnashadi.
Saylov 18–23 oktyabr kunlari Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan Aichi-Nagoya 2026 Paraosiyo o‘yinlari vaqtida o‘tkaziladi.
Paraosiyo o‘yinlarida ishtirok etuvchi barcha akkreditasiyadan o‘tgan sportchilar ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Ovoz berish onlayn tarzda o‘tkaziladi, saylov natijalari 24 oktyabr kuni e’lon qilinadi.
Sportchilar qo‘mitasi tarkibiga besh kishi saylanadi. Shundan so‘ng ular o‘z tarkibidan qo‘mitaning hozirgi rahbari, yaponiyalik Xiroyuki Misakaning o‘rnini bosuvchi raisni saylaydi. AsPC Ijro kengashining ma’qullashi bilan qo‘mitaga yana ikki nafar a’zo qo‘shimcha ravishda kiritilishi mumkin.
Qo‘mita sportchilarning manfaatlarini himoya qilish va Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi tomonidan qarorlar qabul qilinishida ularning fikrlari inobatga olinishini ta’minlaydi.
Asila Mirzayorova Paralimpiya o‘yinlari chempioni hisoblanadi. 2024 yilgi Parij o‘yinlarida u T11 (ko‘rish qobiliyati cheklangan sportchilar) toifasida uzunlikka sakrash bo‘yicha 5,24 metr natija ko‘rsatib, Paralimpiya rekordini o‘rnatgan holda oltin medalni qo‘lga kiritgan.