Madridning "Real" klubi hujumchisi Rodrigo Goesning vakillari so‘nggi soatlarda "Arsenal" bilan braziliyalik futbolchining ehtimoliy transferi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi. Bu haqda jurnalist Florian Plettenberg X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, tomonlar 24 yoshli vingerning maoshi bo‘yicha kelisha olmayapti. Rodrigo 10 mln yevro maosh olmoqchi, biroq londonliklar uni ortiqcha deb hisoblamoqda. Ta’kidlanishicha, braziliyalik hujumchi munosib taklif bo‘lsa, "qaymoqranglilar" safini tark etishga tayyor.
Avvalroq OAVda Rodrigoning Madrid klubidagi rolidan norozi ekani haqida xabarlar tarqalgan edi. Qayd etilishicha, "Real"ga tayinlanishga yaqin turgan Xabi Alonso hujumchiga umid qilmayapti.