AQShning Ukrainaga doir yangi tinchlik rejasi Rossiya talablariga asoslangan, deb xabar bermoqda Financial Times.
Ushbu rejaga ko‘ra, Ukraina Rossiya foydasiga Donbassning qolgan qismidan voz kechishi va o‘z qurolli kuchlari sonini yarmiga qisqartirishi talab qilinadi. Hujjat, shuningdek, Ukrainaning muayyan turdagi qurollardan foydalanishni rad etishini va AQSh harbiy yordamini qisqartirishni o‘z ichiga oladi.
"Tinchlik rejasi Ukrainada rus tilini rasmiy davlat tili sifatida e’tirof etish va Ukrain pravoslav cherkoviga rasmiy maqom berishni ham nazarda tutadi", deya yozmoqda Financial Times.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, reja shu hafta Mayamida Ukraina Xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerovga topshirilgan. Hujjat jami 28 banddan iborat.
Hujjat mazmuni bilan tanish manba uni "Rossiya foydasiga kuchli og‘ish bilan yozilgan" deb tavsifladi. Boshqa manba esa uni "Putin uchun juda qulay" deb atadi. Kiyevdagi amaldorlar Ukraina bo‘yicha rejani "sezilarli o‘zgartishlarsiz" qabul qilib bo‘lmasligini aytishgan.
Agentlikning ikki manbasiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga ushbu takliflarga rozi bo‘lish zarurligini tushuntirgan.