GLP-1 guruhiga mansub ozish preparatlari ta’sirida yo‘lovchilarning o‘rtacha vazni 10 foizga kamayishi AQShning eng yirik to‘rtta aviakompaniyasiga yiliga 580 million dollargacha mablag‘ tejash imkonini berishi mumkin.
The Financial Times nashri keltirgan ma’lumotiga ko‘ra, bu haqda nashrning tegishli tahliliy materialida so‘z boradi.
Maqolada ta’kidlanishicha, shartli ravishda Boeing 737 Max 8 samolyoti bortidagi 178 nafar yo‘lovchining o‘rtacha vazni 10 foizga kamaysa, samolyotning uchish paytidagi umumiy og‘irligi 2 foizga pasayishi mumkin. Bu esa yoqilg‘i sarfini qisqartirishga xizmat qilishi ehtimoldan xoli emas.
Nashr qayd etishicha, aviakompaniyalar samolyotlar og‘irligini kamaytirish uchun turli choralarni ko‘rmoqda. Ular taomlardan zaytunni olib tashlamoqda, yengilroq idishlardan foydalanmoqda va ichimliklar tashiladigan aravachalar og‘irligini kamaytirmoqda.
Masalan, United Airlines aviakompaniyasi bort jurnali uchun yupqaroq qog‘ozdan foydalanishni boshlaganida, yiliga qariyb 300 ming dollarlik yoqilg‘i tejalgan.
Ta’kidlanishicha, yoqilg‘i narxlari yuqori bo‘lib turgan bir paytda bunday tejamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi. Aviakompaniyalar tejalgan og‘irlik hisobiga bo‘shagan imkoniyatdan tijorat yuklarini tashish uchun ham foydalanishi mumkin. Yaqin Sharqdagi mojaro boshlanganidan keyin bunday yuklarni tashish tariflari keskin oshgan.
Biroq bu tendensiyaning salbiy tomoni ham bor. Ozish uchun preparatlar qabul qilayotgan yo‘lovchilar samolyot bortidagi gazaklar va gazlangan ichimliklarni kamroq sotib olmoqda. Ilgari ushbu mahsulotlar aviakompaniyalarga sezilarli qo‘shimcha daromad keltirar edi.