Bugun 16 noyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

AQShdagi demokratlarning g‘alabasi Netanyaxuga bosimni kuchaytiradimi?

AQShdagi demokratlarning g‘alabasi Netanyaxuga bosimni kuchaytiradimi?

Isroil muxolifati bosh vazirni Vashingtonda mamlakatning ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlanishini susaytirganlikda ayblamoqda. O‘z koalisiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘rinni boy bergan saylovlardan so‘ng Netanyaxu hokimiyatni yo‘qotish xavfi ostida qoldi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning siyosiy raqiblari AQShdagi oraliq saylovlarda demokratlar erishgan g‘alabani Isroil va Vashington o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuvi bilan bog‘ladi. Ular hukumat rahbarining siyosati Amerika Kongressida Isroil uchun an’anaviy bo‘lgan ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlashni izdan chiqarganini ta’kidlab, uning ishtirokisiz yangi hukumat tuzishga chaqirdilar.

3 noyabrdagi saylovlarda demokratlar AQSh Senati va Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi. Isroil muxolifati ularning bu muvaffaqiyatini Netanyaxuning respublikachilarga va prezident Donald Trampga tikkan stavkasi mamlakatning Amerikadagi har ikkala partiya bilan aloqalarini zaiflashtirganining isboti deb hisoblamoqda.

«Demokratlar» partiyasi yetakchisi Yair Golan AQShdagi ovoz berish natijalari Netanyaxuning ham demokratlar, ham respublikachilar orasidagi qo‘llab-quvvatlashni qanchalik boy berganini ko‘rsatib turganini aytdi. Markazchi «Esh Atid» partiyasi rahbari Yair Lapid esa Netanyaxuning hokimiyatda qolishi mamlakat xavfsizligi, demokratiyasi va xalqaro pozisiyalariga tahdid solayotgani sababli Isroil bunga boshqa yo‘l qo‘ya olmasligini ta’kidladi.

Bosh vazir lavozimiga da’vogarlik qilayotgan sobiq Bosh shtab boshlig‘i Gadi Ayzenkot Vashington bilan munosabatlarni qayta tiklashga va ularning ikki partiyaviy asosini mustahkamlashga va’da berdi.

G‘azodagi urush va Eronga qarshi o‘tkazilgan qo‘shma Amerika-Isroil harbiy operasiyasi fonida Isroil va AQSh munosabatlari yomonlashdi. Isroilga berilayotgan harbiy yordamning tanqid qilinishi Kongressga saylovlarda bir qator demokrat nomzodlarning asosiy argumentlaridan biriga aylandi.

Trampning o‘zi 3 noyabr — ovoz berish kunida 2026 yildan keyin Isroilga ajratiladigan yillik qariyb 4 milliard dollarlik moliyalashtirishni to‘xtatish niyatida ekanini ma’lum qildi. Amerika prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu demokratlarni uning ma’muriyatini tanqid qilish uchun asosiy argumentlardan biridan mahrum etadi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, demokratlarning Kongress ustidan nazorati parlament eshituvlari, tergovlar va byudjet qarorlari orqali Isroilga bo‘lgan bosimni kuchaytirishi mumkin. Shu bilan birga, tashqi siyosat sohasidagi asosiy vakolatlar AQSh prezidentida saqlanib qoladi.

Isroilning keyingi hukumatini kim boshqarishi hozircha aniq emas. Agar Netanyaxu ham, Ayzenkot ham parlamentda ko‘pchilikni to‘play olmasa, mamlakatda yangi saylovlar tayinlanishi mumkin.

Kiritildi: 22:08 05.11.2026. O'qildi: 956 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik