Qo‘shma Shtatlarda bugun, 3 noyabr kuni oraliq saylovlar bo‘lib o‘tmoqda. Saylovlar prezidentlik muddatining o‘rtasida o‘tkaziladi va ko‘pincha amaldagi hokimiyat ishiga baho sifatida qaraladi.
Saylovda Vakillar palatasining barcha 435 o‘rni, Senatning 100 o‘rindan 35 tasi va 36 ta shtat gubernatori saylanadi. Hozir Kongressning ikkala palatasini ham respublikachilar nazorat qilmoqda. Vakillar palatasida ularning 218 ta, demokratlarning 214 ta o‘rni bor, bitta deputat mustaqil, ikki o‘rin esa bo‘sh. Senatda nisbat 53 ga 47 – respublikachilar oldinda, demokratlar tarafida ikki mustaqil senator ham bor. Ko‘pchilikka ega bo‘lish uchun demokratlarga Vakillar palatasida 218 ta, Senatda esa 51 ta o‘rin kerak. Senatda ovozlar 50 ga 50 bo‘lib qolsa, hal qiluvchi ovozni respublikachi vise-prezident Jey Di Vens beradi.
So‘rovnomalar va mustaqil tahlilchilar Vakillar palatasida demokratlarni favorit deb hisoblaydi, Senat uchun kurash esa ochiq. Reuters/Ipsos’ning 2 noyabrda yakunlangan so‘rovida ishtirokchilarning 46 foizi Kongressni demokratlar, 38 foizi respublikachilar boshqarishini istagan. Bir hafta avval bu farq 11 punkt edi.
Amerikalik saylovchilarni eng ko‘p qiynayotgan masala – qimmatchilik. So‘rovnoma ishtirokchilarining 78 foizi uchun yashash narxining qimmatlashuvi ovoz berishda juda muhim yoki eng muhim masala. Trampning keng qamrovli boj siyosati va fevral oyida Eronga hujum qilish qarori narxlarni oshirgan. AQSh Energetika axborot boshqarmasiga ko‘ra, oktyabr oxirida benzinning o‘rtacha narxi galloni (3,8 litr) uchun 4,27 dollarni tashkil etgan. Bu bir yil avvalgidan 1,23 dollar qimmat. Shu bois prezident Donald Trampning faoliyatini qatnashchilarning atigi 32 foizi ma’qullagan.
Demokratlar Kongressni egallasa, Tramp uchun yangi qonunlar qabul qildirish ancha qiyinlashadi, ammo uning hokimiyati to‘liq cheklanmaydi. Trampning o‘zi esa bunga tayyor. 1 noyabrda e’lon qilingan The New York Post podkastidagi intervyusida u respublikachilar yutqazsa, “bir-ikki oy” veto qo‘yib, keyin murosaga kelishini kutayotganini aytdi. "O‘ylaymanki, men “Mister Veto” bo‘laman. Keyin esa qaysidir paytda, ehtimol, kelishuvlar qilamiz", dedi u.
Vetoni yengish uchun esa Kongressning ikkala palatasida uchdan ikki ovoz kerak. Ammo demokratlarda bunday ko‘pchilik bo‘lishi dargumon.
Kongressni egallash demokratlarga Trampni tergov qilish, qonunlarni to‘sish va xarajat ustuvorliklarini cheklash imkonini beradi. Biroq savdo, tashqi siyosat va davlat apparati ustidan keng vakolatlar baribir prezidentda qoladi.