Minglab aviareyslar kechiktirildi yoki bekor qilindi
13 noyabr kuni AQSh Federal aviasiya boshqarmasi (FAA) mamlakatdagi barcha aeroportlardan samolyotlarning uchib ketishini vaqtincha to‘xtatish haqida qaror chiqardi. Reuters xabariga ko‘ra, bunga havo harakatini boshqarish markazlarida yuzaga kelgan jiddiy aloqa nosozligi sabab bo‘lgan.
Cheklov AQSh sharqiy qirg‘og‘i vaqti bilan soat 15:54 da joriy etilgan. FAA favqulodda vaziyat va parvozlar xavfsizligini ta’minlash zarurati tufayli samolyotlarning havoga ko‘tarilishini taqiqlagan.
Reuters agentligining Flight Aware parvozlarni kuzatish xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, hodisa fonida qariyb 7 mingta aviareys kechiktirildi yoki bekor qilindi.
AQSh transport vaziri Shon Daffining ma’lum qilishicha, nosozlik mamlakatdagi havo harakatini boshqaruvchi barcha mintaqaviy markazlar faoliyatiga ta’sir ko‘rsatgan. Gap aeroportlar o‘rtasida harakatlanayotgan samolyotlarni nazorat qiluvchi 22 ta markaz haqida ketmoqda. FAA mutaxassislari muammoning sabablarini aniqlash va aloqa tizimi ustida hali ham ish olib bormoqda.
AQSh ichki xavfsizlik vaziri Markueyn Mallin dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisaning qasddan uyushtirilgan hujum ekaniga dalil yo‘qligini bildirgan. Uning ta’kidlashicha, vaziyat telekommunikasiya tizimidagi nosozlik sifatida o‘rganilmoqda.
Bu AQSh tarixida butun mamlakat bo‘ylab samolyotlarning uchishi to‘xtatilgan uchinchi yirik holat hisoblanadi. Birinchi holat 2001 yil 11 sentyabrdagi terrorchilik hujumlaridan so‘ng kuzatilgan. O‘shanda AQSh havo hududidagi parvozlar to‘xtatilib, havoda bo‘lgan samolyotlarga imkon qadar tezroq qo‘nish buyurilgan.
Ikkinchi holat 2023 yil 11 yanvarda qayd etilgan. FAA’ning uchuvchilarga parvoz xavfsizligi bo‘yicha muhim ogohlantirishlarni yetkazuvchi NOTAM tizimidagi nosozlik sabab AQSh bo‘ylab ichki aviareyslarning uchishi qariyb 2 soatga to‘xtatilgan. O‘sha kuni 9,5 mingdan ortiq reys kechiktirilgan va 1,3 mingdan ziyodi bekor qilingan.
13 noyabrdagi hodisa esa avvalgi voqealardan farqli ravishda havo harakatini boshqarish markazlaridagi aloqa muammolari bilan bog‘liq. Rasmiylar nosozlik sabablarini tekshirishda davom etmoqda. FAA tomonidan parvoz cheklovi bekor qilingan bo‘lsa-da, aviaqatnovlarning to‘liq tiklanishi va barcha reyslar jadvalining me’yoriy holatga qaytishi uchun vaqt talab etilishi kutilmoqda.