AQSh vise-prezidenti Jey Di Vens Vashington va Kiyev ayrim masalalarda hamkorlikni davom ettirayotgan bo‘lsa-da, ularning manfaatlari har doim ham bir-biriga mos kelmasligini bildirdi.
RIA Novosti agentligining 2way portaliga tayanib xabar berishicha, Vens Ukrainaning ayrim harbiy harakatlari AQShning iqtisodiy manfaatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlagan.
«Vaqti-vaqti bilan bizning manfaatlarimiz bir-biridan farq qiladi», — dedi AQSh vise-prezidenti.
U bunga misol sifatida Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya hududidagi neft infratuzilmasi ob’ektlariga uyushtirayotgan zarbalarini keltirdi.
Vensning ta’kidlashicha, bunday hujumlar energetika resurslari narxining oshishiga olib kelmoqda va bu AQSh bozoriga ham ta’sir ko‘rsatmoqda.
«Ular Rossiya energetika ob’ektlarini bombardimon qilishni to‘xtatishlari kerak», — dedi u.
Shu bilan birga, AQSh vise-prezidenti Vashington va Kiyev o‘rtasidagi hamkorlik to‘xtab qolmaganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bir qator yo‘nalishlarda birgalikda ishlashda davom etmoqda va kelgusida ham o‘zaro aloqalarni saqlab qoladi.