Meksikaning Tixuana shahrida granata, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining qalbaki guvohnomasi va kuzatuv uskunalari bilan yurgan 43 yoshli Rossiya fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Mash Telegram kanali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ivan ismli rossiyalik Chevrolet Suburban rusumli qora avtomobilda tezlikni oshirib harakatlangani uchun polisiya tomonidan to‘xtatilgan. Avtomobilni tekshirish chog‘ida undan parchalovchi granata, AQSh Markaziy razvedka boshqarmasining qalbaki hujjatlari, kuzatuv uchun mo‘ljallangan elektron qurilmalar hamda Meksika razvedkasiga tegishli belgilar tushirilgan kamera topilgan.
Xabarga ko‘ra, erkak federal prokuraturaga topshirilgan. Tekshiruv davomida u Interpol tomonidan qidiruvga berilgani aniqlangan.
Rossiyalikning nima sababdan xalqaro qidiruvga berilgani hozircha ma’lum emas. Manbada uni qo‘lga olish bo‘yicha Rossiya va AQSh tomonidan ham so‘rovlar yuborilgani aytilgan.
Hodisa yuzasidan rasmiy idoralarning qo‘shimcha izohlari keltirilmagan.