AQSh va Isroil diplomatik muzokaralar barbod bo‘lgan taqdirda, noyabr oyidagi oraliq saylovlardan keyin darhol boshlanishi mumkin bo‘lgan Eronga qarshi yangi harbiy operasiya rejasini ishlab chiqdi.
Axios portali xabar berishicha, bu haqda AQSh va Isroil rasmiylari ma’lum qildi.
Manbalarga ko‘ra, dushanba kuni Isroil mudofaa armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i, general Eyal Zamir AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) rahbari, admiral Bred Kuper bilan ehtimoliy zarbalar oldidan harakatlarni muvofiqlashtirish masalasida muzokaralar o‘tkazgan.
«So‘nggi daqiqada kelishuvga erishilmasa, oraliq saylovlardan ko‘p o‘tmay keng ko‘lamli bombardimonlar bilan hujum operasiyasining qayta boshlanishi ehtimoli yuqori. Ittifoqchilar Eronning yadroviy ob’ektlari, energetika infratuzilmasi va oliy rahbariyatiga qarshi bir haftalik keng ko‘lamli zarbalar kampaniyasini tayyorlamoqda», — deya ta’kidlagan manbalar.
Qayd etilishicha, ayni paytda Qatar boshchiligidagi mintaqaviy vositachilar, shuningdek, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Pokiston va Misr Eronga qarshi yangi zarbalarning oldini olishga urinmoqda.
Ular Tehronni ayrim aktivlarni muzlatishdan chiqarish va neft eksportiga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish evaziga Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) inspektorlarini yadroviy ob’ektlarga kiritishga ko‘ndirishga harakat qilmoqda. Vositachilar Eron rahbariyatini yon berish yangi keng ko‘lamli bombardimonlar to‘lqinining oldini olish uchun qolgan yagona imkoniyat ekanidan ogohlantirmoqda.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp oraliq saylovlardan keyin Eronga yangi zarbalar berilishi mumkinligini istisno qilmagan va hozirgi vaziyatda «hamma narsa bo‘lishi mumkin»ligini aytgan edi.