AQSh davlat kotibi Marko Rubio Ukrainaga berilishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari Rossiya tomonidan ham ma’qullanishi kerakligini ta’kidladi.
U Abu-Dabida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokaralarga tayyorgarlik jarayoni haqida fikr bildirib, Kiyev xavfsizligini ta’minlash yuzasidan hozircha yakuniy takliflar ishlab chiqilmaganini ma’lum qildi.
Rubioning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda urush tugaganidan keyin Ukrainaga qanday xavfsizlik kafolatlari berilishi mumkinligi muhokama qilinmoqda.
Xususan, Kiyevga NATO shartnomasining 5-moddasida nazarda tutilgan jamoaviy mudofaa tamoyiliga o‘xshash kafolatlar taqdim etish varianti ham ko‘rib chiqilmoqda.
«Bunga Rossiya ham rozi bo‘lishi kerak», — dedi AQSh davlat kotibi.