Nashr manbalariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Adliya vazirligi Yevropadagi hamkorlariga Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyati bo‘yicha xalqaro sud ta’qibi markazidan chiqishi haqida xabar bergan.
Vashington ushbu guruhga 2023 yilda prezident Jo Bayden davrida qo‘shilgan edi. Guruhning maqsadi Rossiya va uning ittifoqchilari — Belarus, KXDR va Eron rahbariyatini Ukrainaga qarshi tajovuz uchun javobgarlikka tortishdan iborat hisoblanadi.
AQSh guruh tarkibidagi Yevropadan tashqaridagi yagona davlat bo‘lib, Vashington Adliya vazirligining yuqori martabali prokurorini Gagaga yuborgan edi. Amerikalik prokuror Gaagada Ukraina, Boltiqbo‘yi davlatlari va Ruminiya tergovchilari bilan hamkorlik qilgan.
Bundan tashqari, The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati 2022 yilda AQShning o‘sha paytdagi Bosh prokurori lavozimini egallagan Merrik Garland tomonidan tashkil etilgan Urush jinoyatlarini tergov qilish guruhining faoliyatini ham qisqartirmoqda.