AQSh razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Eron ixtiyorida hozir ham 1500 tadan 2500 tagacha ballistik raketa mavjud bo‘lishi mumkin. Harbiy mojaro qayta boshlangan taqdirda, Tehron ushbu qurollardan Yaqin Sharqdagi Amerika harbiy ob’ektlariga zarba berish uchun foydalanish imkoniyatiga ega.
Bu haqda The Wall Street Journal (WSJ) nashri Vashingtondagi manbalariga tayanib xabar berdi.
Gazeta suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, keltirilgan raqamlar taxminiy hisoblanadi. Chunki Eronning harbiy zaxiralarini qanday sur’atda tiklayotganini aniq kuzatib borish qiyin.
AQSh va Isroil tomonidan Eronning qurol-yarog‘ ishlab chiqarish ob’ektlariga zarbalar berilganiga qaramay, mamlakat avvaldan to‘plangan ehtiyot qismlar va butlovchi komponentlar hisobiga raketa zaxirasini bosqichma-bosqich tiklayotgan bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, Tehron ixtiyorida ko‘plab uchuvchisiz uchish apparatlari hamda qisqa masofaga mo‘ljallangan raketalar mavjudligi aytilmoqda.
WSJ ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiylari ham Eron hozirda 1500 tadan ortiq ballistik raketaga ega bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelgan.
Nashrning ta’kidlashicha, Eronning raketa salohiyatini qayta tiklayotgani haqidagi ma’lumotlar Oq uy va AQSh prezidenti Donald Trampning avvalgi bayonotlariga zid kelmoqda.
Chunki Vashington rasmiylari AQSh va Isroil zarbalari natijasida Eronning harbiy salohiyati butunlay yakson qilinganini ta’kidlab kelgan.
Gazeta manbalarining bildirishicha, Eronda saqlanib qolgan ehtimoliy raketa zaxiralari Tehronga qarshi harbiy amaliyotlarni qayta boshlash masalasi muhokama qilingan paytda ham hisobga olingan.
Shu bilan birga, Eronning aniq qancha ballistik raketaga egaligi mustaqil ravishda tasdiqlanmagan, keltirilgan raqamlar esa razvedka idoralarining taxminiy baholariga asoslanadi.