Telekanal muxbiri Jeki Haynrikning Oq uy vakiliga tayanib xabar berishicha, AQSh Eronning Fordodagi uranni boyitish zavodini yo‘q qilish uchun taktik yadroviy qurol qo‘llashi mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiylari, shuningdek, bunkerni yorib o‘tuvchi bombalar Eronning yer ostida joylashgan yadroviy inshootini yo‘q qilishda samarali bo‘lishiga ishonmoqda.
Avvalroq The Guardian gazetasi amerikalik harbiylar Fordodagi ob’ektni yo‘q qilishning yagona yo‘li sifatida taktik yadroviy zarba berishni ko‘rayotgani, biroq Donald Tramp bu variantni ko‘rib chiqishni rad etayotganini yozgan edi.
The Wall Street Journal ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp 17 iyun kuni Eronning yadroviy ob’ektlariga harbiy zarba rejasini ma’qullagan, biroq hozircha uning amalga oshirilishi bo‘yicha buyruq bermagan, AQSh prezidenti Tehron yadroviy dasturdan ixtiyoriy ravishda voz kechishiga umid qilmoqda.
Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning bildirishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga zarba berish bo‘yicha qarorni ikki hafta ichida qabul qiladi.