HAMAS yetakchilaridan biri Sami Abu Zuhri AQShning falastinliklarni G‘azodan ko‘chirish bo‘yicha doimiy bayonotlari ularning Isroil jinoyatlariga «qat’iy hamkor» ekanini tasdiqlashini aytdi.
«Falastinliklarni G‘azodan majburan ko‘chirish loyihalari mantiqsiz va hech qanday qiymatga ega emas. Bosqinchilik qilayotgan Isroil bunga kuch bilan erisha olmadi va siyosiy manipulyasiyalar bilan ham o‘z maqsadiga yeta olmaydi», – dedi u.
Avvalroq, Donald Tramp Iordaniya, Misr va boshqa arab davlatlarini falastinlik qochqinlarni qabul qilib, ular uchun maxsus turar-joy majmualarini qurishga chaqirgan edi.
Bu taklif keskin qarshilikka uchradi. Iordaniya, Misr, Arab davlatlari ligasi, Islom hamkorlik tashkiloti va BMT ushbu tashabbusga qarshi chiqdi.
Biroq tanqidlarga qaramay, Tramp o‘z pozisiyasida qat’iy turib, Misr va Iordaniya G‘azoni tark etgan falastinliklarni qabul qilishga tayyor ekaniga ishonch bildirdi.
«Ular buni qiladi. Ular buni qiladi. Ular buni qiladi, tushundingizmi? Biz ular uchun ko‘p ish qilyapmiz, va ular buni qilishadi», – dedi Tramp jurnalistlarga, Misr va Iordaniyaga bosim o‘tkazish ehtimoli haqida savol berilganda.
Trampning bu taklifi 19 yanvar kuni G‘azada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv kuchga kirganidan keyin yangradi. Bu kelishuv Isroil harbiy harakatlarini vaqtincha to‘xtatdi. G‘aza sog‘liqni saqlash idoralari ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiy amaliyotlari natijasida 47,400 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ularning aksariyati ayollar va bolalar bo‘lgan.