Muqaddas Ramazon oyi kirishi munosabati bilan Istanbul shahridagi «Xirqai sharif» jome’ masjidi mehmonlar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Masjidga kelgan ziyoratchilar mo‘’tabar bisot – Muhammad sollallohu alayhi va sallamning xirqalarini tomosha qilishi mumkin.
Xirqai sharif ko‘rgazmasi ochilishi marosimida Istanbul shahri hokimi hamda muftiysi hamda xirqai sharifni saqlab kelayotgan Uvays Qaraniy sulolasi vakili qatnashdi.
Anadolu axborot agentligi xabariga ko‘ra, masjid yonida xirqai sharifni ko‘rish niyatida bo‘lgan odamlarning uzun navbati hosil bo‘lmoqda.
Muborak xirqani Ramazon oyi mobaynida soat 10:00 dan 17:00 gacha (dam olish kunlari soat 09:00 dan 17:30 gacha) ko‘rish mumkin.
Nogironlar, bemorlar, keksalar va homilador ayollar navbatsiz kiritilishi ma’lum qilingan.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning muborak xirqalari, ya’ni tuya junidan to‘qilgan chakmonlarining qiziq tarixi bor. Sarvari Olam umrlarining oxirida hazrati Umar va hazrati Ali roziyallohu anhumga xirqalarini Uvays Qaraniy rahmatullohi alayhiga eltib berishni vasiyat qilganlar. Omonatni olgan Uvays Qaraniy umrining oxirigacha muborak xirqani asrab-avaylagan. Qaraniyning vafotidan keyin mo‘’tabar omonatni uning avlodlari saqlab kelgan.
XVII asr boshlarida Usmoniy hukmdor – sulton Ahmadning iltimosi bilan Qaraniy avlodlari Istanbulga ko‘chib kelgan. 1847 yilda sulton Abdulmajidning farmoniga ko‘ra yodgorlikni saqlash uchun «Xirqai sharif» nomli maxsus masjid barpo etilgan. Mo‘’tabar xirqa ayni paytda Qaraniy sulolasining 59-avlodi muhofazasida.
Ma’lumot o‘rnida, Istanbuldagi To‘pqopi saroyida Muhammad sollallohu alayhi va sallamga tegishli yana bir chakmon – «Xirqai saodat» ham saqlanadi. Ushbu mo‘’tabar libos Rasululloh tomonidan shoir Ka’bga tuhfa etilgani aytiladi. Sulton Salim 1517 yili Misrni egallaganida «Xirqai saodati»ni ham Istanbulga keltirgan.