AQSh hukumati Meta'ning WhatsApp'dagi shaxsiy yozishmalarga kirish imkoniga egaligi bo‘yicha tergov o‘tkazmoqda — Bloomberg.
Agentlikning ma’lum qilishicha, AQSh huquqni muhofaza qilish organlari Meta'ning sobiq pudratchilari tomonidan bildirilgan da’volar ustidan surishtiruv o‘tkazmoqda. Da’voda kompaniya xodimlari WhatsApp'dagi yozishmalarga cheksiz kirish imkoniga egaligi keltirilgan.
Shunga o‘xshash da’volar 2024 yilda AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga xodimning shikoyati sifatida ham taqdim etilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu ayblovlar Meta'ning WhatsApp'ni targ‘ib qilishi bilan keskin farq qiladi. Kompaniya bu ilovani “shifrlangan va kuchli himoyaga ega” deb ta’riflab, chatdan tashqarida hech kim, hatto WhatsApp ham foydalanuvchining yozganlarini o‘qiy olmasligini, eshitolmasligini yoki ulasholmasligini doimiy ravishda bildirib keladi.