Eron yadroviy inshootlariga hujum uyushtirgan AQSh qiruvchi samolyotlari Turkiya havo hududidan foydalangani haqidagi iddaolar dezinformasiyadir.
Bu haqda Turkiya prezidenti ma’muriyatining aloqa bo‘limi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Isroilning Eronga uyushtirgan hujumlarida bo‘lgani kabi, AQShning Eronda joylashgan yadroviy inshootlarga uyushtirgan hujumlarida ham Turkiya havo hududidan foydalanilmagan.
"AQShdan havoga ko‘tarilib, Gibraltar bo‘g‘ozidan kirib kelgan samolyotlar O‘rtayer dengizi janubi orqali Isroilga yetib borgan va Iroq orqali Eronga zarba bergan. Hujumdan so‘ng bu bombardimonchilar yoqilg‘i quygandan so‘ng xuddi shu yo‘nalish bo‘yicha (Krit janubidan) AQSh hududiga qaytgan", — deyiladi xabarda.
Shuningdek, Turkiya Yaqin Sharqda tinchlik va barqarorlikni targ‘ib qilishda davom etayotgani, Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an bu maqsadda diplomatiyani ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni ma’qullagani va bunga qarshi har qanday da’volar dezinformasiya ekanligi ta’kidlanadi.