AQSh Moliya vazirligining Xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) Eronning ichki ishlar vaziri Eskandar Momeniy boshchiligida qator eronlik amaldorlarga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qildi.
Ro‘yxatga, shuningdek, eronlik investor Bobak Zanjoni ham kiritildi. AQSh tomonining ma’lum qilishicha, u qamoqdan ozod etilganidan so‘ng Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) va davlat tuzilmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi loyihalarni moliyalashtirgan.
Bundan tashqari, ilk bor Zanjoni bilan bog‘liq bo‘lgan ikki kriptovalyuta birjasi ham sanksiya ro‘yxatiga qo‘shildi. AQSh da’volariga ko‘ra, ushbu platformalar orqali IIQK ehtiyojlari uchun katta mablag‘lar aylantirilgan.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi ham Eronning 15 nafar amaldori va olti tashkilotiga, jumladan IIV rahbari, IIQK qo‘mondonlari hamda sud tizimi va kibertuzilmalar vakillariga qarshi sanksiyalar joriy qilgan edi.