1️⃣ Toshkent viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat muassasasi direktori o‘rinbosari o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali shartnoma qiymati 2 mlrd 73 mln so‘m bo‘lgan ob’ektni kapital ta’mirlash bo‘yicha g‘olib bo‘lgan pudratchi tashkilot hisob raqamiga bo‘nak sifatida 1,1 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berganligi evaziga muqaddam MCHJ rahbaridan tamagirlik yo‘li bilan 2 ming AQSh dollari oladi.
Shuningdek, u jinoiy harakatini takroran davom ettirib, pudratchi tashkilot tomonidan qurilish ishlari belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi sababli, undan 643 mln 530 ming so‘m penya undirish bo‘yicha Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga kiritilgan da’vo arizasidan voz kechish orqali MCHJ foydasiga ajrim chiqartirib bergani evaziga 5 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda ushbu mansabdor shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
2️⃣ Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining tumanlardan biridagi bo‘limi boshlig‘i 1990 y.t. fuqaro tomonidan o‘zi istiqomat qiluvchi uyning ko‘cha qismida qurilish ishlarini amalga oshirish maqsadida ko‘p yillik daraxtlarni kesib tashlashi uchun ruxsat berish evaziga 3 ming AQSh dollarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur rahbar xodimga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
3️⃣ Namangan viloyatida kuzatilgan holatda esa Pop tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridan biridagi hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi 90 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsga kelgusida to‘yxona qurishi uchun olib berish va tegishli hujjatlarini tayyorlatib berish evaziga 2025 yilda 4500 AQSh dollari oladi.
Ammo, muqaddam sudlangan hokim yordamchisi va’da qilingan ishni bitira olmagach, 4500 AQSh dollari hisobidan 1 mln 200 ming so‘mni qaytarib bergan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Department xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.