AQSh Davlat kotibi Vengriyani Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga to‘sqinlik qilmaslikka ishontirishga yordam berdi. Bu haqda Politico xabar berdi.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, dastlab Budapesht sanksiyalarni uzaytirishga veto qo‘yishni rejalashtirgan va buni Donald Trampning Oq uyga qaytishi bilan asoslagandi. Biroq keyinchalik Trampning o‘zi, agar Rossiya Ukrainada sulhga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan yangi cheklovlar joriy qilish bilan tahdid qildi.
Bundan tashqari, AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoga qo‘ng‘iroq qilib, Vengriyani Yevropa Ittifoqining sanksiyaviy tizimini zaiflashtirmaslikka chaqirgan. Natijada Budapesht o‘z qaroridan qaytgan va sanksiyalar saqlab qolingan.
"Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Tramp istalgan vaqtda o‘z taktikasini o‘zgartirib, Rossiya bilan muzokaralarda sanksiyalarni yumshatishni taklif qilishi mumkin. Agar bu sodir bo‘lsa, Yevropa Ittifoqi Vengriyaga ta’sir o‘tkazishning muhim richagidan mahrum bo‘lishi mumkin", deb yozadi nashr.