Bugun 15 noyabr, 2026 yil, yakshanba

КИР

AQSh bojlari joriy etilganidan so‘ng Braziliya Xitoy bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirdi

AQSh bojlari joriy etilganidan so‘ng Braziliya Xitoy bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan bojlar joriy etilishi ortidan Amerika bilan savdo hajmi sezilarli darajada qisqargan bir sharoitda, Braziliya Xitoy bilan tashqi savdo aylanmasini 20 foizga oshirdi.

Bu haqda xorijiy ommaviy axborot vositalari xabar bermoqda. Buni Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva Manila shahrida ASEAN sammiti doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan joriy etilgan bojlar sababli Amerikaning Braziliya tashqi savdosidagi ulushi 9,2 foizgacha kamaygan.

«Braziliya bunga javoban AQShdan yon berishlarni talab qilish o‘rniga eksport va import bozorlarini diversifikasiya qilishga qaror qildi», — dedi Braziliya yetakchisi.

Prezident ta’kidlashicha, Braziliyaning 50 ta davlat bilan savdo hajmi o‘rtacha 10,5 foizga oshgan. Xususan, Xitoy bilan savdo qariyb 20 foizga, Germaniya bilan 15,8 foizga, Indoneziya bilan 15 foizga va Vyetnam bilan 13 foizga o‘sgan.

Davlat rahbari Braziliya Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assosiasiyasi (ASEAN)ning doimiy hamkori maqomini olishga intilayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu birlashmaga a’zo mamlakatlar bilan savdo hajmini ikki baravar oshirish va bitta savdo hamkoriga qaramlikni kamaytirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, ASEANning 49-sammiti 15–17 noyabr kunlari Filippinning Manila shahrida bo‘lib o‘tmoqda.

Kiritildi: Bugun 15:18. O'qildi: 204 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik