AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati yaqin kelajakda bir qator davlatlar bilan tariflarni o‘zaro pasaytirish bo‘yicha shartnomalar tuzishi mumkin. Bu haqda Oq uydagi Milliy iqtisodiy kengash rahbari Kevin Xasset ma’lum qildi.
"Marraga yaqin bo‘lgan bitimlarning uzoq ro‘yxati bor" - dedi u CNBC bilan suhbatda.
Avvalroq AQSh moliya vaziri Skott Bessent Vyetnam, Hindiston, Koreya Respublikasi va Yaponiya Amerika tomoni bilan tariflarni yumshatish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgandi.
2 aprel kuni Oq uy rahbari 185 mamlakat va hudud mahsulotlariga bojxona to‘lovlari joriy etilishini ma’lum qildi. 10 foizlik universal tariflar 5 apreldan, individual tariflar 9 apreldan kuchga kirdi. Keyinroq, 9 aprelda Tramp muzokaralarga tayyorligini ko‘rsatgan 75 davlatga nisbatan tariflarni oshirishni 90 kunga to‘xtatib turishini e’lon qildi.