Ushbu 19 davlat qatoriga Afg‘oniston, Myanma, Chad, Kongo Respublikasi, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Gaiti, Eron, Liviya, Somali, Sudan, Yaman, Burundi, Kuba, Laos, Sierra-Leone, Togo, Turkmaniston va Venesuela kiradi, deya xabar bermoqda telekanal.
AQSh prezidenti Donald Tramp joriy yilning iyun oyidayoq ushbu mamlakatlar fuqarolariga Qo‘shma Shtatlarga kirishga to‘liq yoki qisman cheklovlar joriy etgan edi.
The New York Times gazetasining yozishicha, yangi cheklovlar birinchi navbatda Qo‘shma Shtatlarning Green card va fuqarolik dasturlari uchun berilgan arizalarga taalluqli. 2 dekabr kuni ayrim immigrantlar ularning Green card suhbatlari uchun tayinlangan uchrashuvlari tushuntirishsiz bekor qilingani haqida xabar bergan edi.
Cheklovlarning kuchaytirilishi noyabr oyi oxirida Vashingtonda Oq uy yaqinida sodir bo‘lgan otishmadan so‘ng amalga oshirildi. Hodisa oqibatida Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi halok bo‘ldi, yana bir nafari og‘ir yaralandi. Polisiyaning ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi Afg‘oniston fuqarosi bo‘lgan.