Angliyaning "Manchester Siti" klubi moliyaviy reglament talablarini buzish bilan bog‘liq ish yuzasidan og‘ir sanksiyalarga duch kelishi mumkin.
Daily Mail nashri ma’lumotiga ko‘ra, Angliya Premyer-ligasi mustaqil komissiya qaroridan keyin klubga nisbatan belgilanadigan jazoni apellyasiya jarayoni yakunlanishini kutmasdan e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Sababi, shikoyat bo‘yicha yakuniy qaror yanvar oyi oxirigacha qabul qilinishi kutilmayapti.
Manbaning ta’kidlashicha, "shaharliklar" uchun eng ehtimoliy sanksiyalar katta miqdorda ochkolarni olib tashlash va yirik moliyaviy jarima hisoblanadi.
Bunday jazo jamoaning Premyer-ligadagi o‘rniga jiddiy ta’sir ko‘rsatib, uni Chempionshipga tushib ketish xavfi bilan yuzlashtirishi mumkin. Ochkolarning ko‘p miqdorda kamaytirilishi klubning quyi divizionda bir necha mavsum qolib ketishiga ham sabab bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Shu bilan birga, "Manchester Siti"ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Angliyaning to‘rtinchi divizioni — Liga 2 ga tushirish chorasi ko‘rilmasligi aytilmoqda.
Hozircha jazoning aniq ko‘lami va uni qo‘llash muddati rasman ma’lum qilinmagan.