Asaka tumanida fuqaro D.E.ga tegishli kelinlik sepi Majburiy ijro byurosi tomonidan o‘z egasiga qaytarildi. Bu holat sud tomonidan qabul qilingan hujjatga asosan amalga oshirildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, D.E. turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganidan so‘ng, o‘zining shaxsiy mol-mulki – ya’ni kelin sifatida olib kelgan garniturasi, ko‘rpa-to‘shak, maishiy jihozlar va boshqa buyumlarini olib keta olmagan. U bu bo‘yicha sudga murojaat qilgan va sud ajrimi bilan ushbu mol-mulklarni xatlash belgilangan.
Majburiy ijro byurosi Asaka tuman bo‘limi xodimlari ijro harakatlarini amalga oshirib, qarzdordan jami 10 turdagi mol-mulkni xatlab, undiruvchiga topshirdi.
Bu holat fuqarolarning mulkiy manfaatlari qonuniy asosda davlat tomonidan himoya qilinayotganining yorqin misolidir. Majburiy ijro byurosi fuqarolarning qonuniy huquqlarini ta’minlashda qat’iylik bilan faoliyat yuritishda davom etadi.