Andijon shahridagi 36-umumta’lim maktabida texnik spirt iste’mol qilinishi oqibatida bir kishi vafot etdi. Yana uch kishi zaharlangan. Bu haqda “Daryo” manbasi xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 22 oktyabrga o‘tar kechasi 36-umumta’lim maktabi binosida direktor va xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanadigan ayrim xodimlar laboratoriyada saqlanayotgan texnik spirtni iste’mol qilgan. Oqibatda maktab xo‘jalik mudiri voqea joyida vafot etgan. Direktor esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Zaharlangan shaxslar ayni paytda shifoxonada davolanmoqda.
Ushbu ma’lumotni Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayotbek Shamsiddinov tasdiqladi.
Hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqea sabablari va boshqa tafsilotlar aniqlanmoqda.