Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Kiyev rejimi jinoyatlari maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi Rodion Miroshnik RIA Novostiga bergan intervyusida frontoldi vaziyat, asirlar va halok bo‘lgan harbiylarga munosabat haqida so‘z yuritdi.
Miroshnikning so‘zlariga ko‘ra, frontga yaqin hududlarda aholi doimiy dron hujumlari sabab "daraxtdan daraxtga harakatlanishni o‘rgangan".
Diplomatning ta’kidlashicha, Ukraina asirlar almashinuvida faqat radikal guruh a’zolarini qaytarishga harakat qilmoqda, oddiy harbiy xizmatchilar esa e’tibordan chetda qolmoqda.
Shu bilan birga, Rossiya Kursk viloyatining 13 nafar fuqarosini qaytarish bo‘yicha xalqaro tashkilotlar orqali muzokaralar olib bormoqda. Ukraina esa ularni bosim va manipulyasiya vositasi sifatida ushlab turibdi.
Miroshnikning ma’lum qilishicha, Moskva halok bo‘lgan ukrain harbiylarining jasadlarini topshirishga tayyor, ammo Kiyev bu borada hech qanday tashabbus ko‘rsatmayapti.
“Murdani olish istagi — faqat so‘zda. Kiyev rasmiylari uchun askarlar — qurbon qilinadigan odamlar”, — dedi Miroshnik.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina rahbariyati haqiqiy yo‘qotishlarni yashirish va halok bo‘lganlarning oilalariga to‘lovlarni kamaytirish orqali “engilmaslik” imijini saqlab qolishga intilmoqda.
“Elitalar frontga oddiy odamlarni yuboradi, lekin o‘z farzandlarini emas”, — dedi diplomat.
Miroshnik topshirilgan jasadlar “dengizdan tomchi” ekanini qayd etib, gumanitar masalalarni hal qilishda xalqaro tashkilotlar faolroq ishtirok etishiga umid bildirdi.