Andijon viloyatida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida yot terrorchilar ta’siriga tushgan bir guruh yoshlarning xorijga chiqib ketishining oldi olindi.
Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.
Aniqlanishicha, Shahrixon tumanida yashovchi 17 yoshli yigit ijtimoiy tarmoqlar orqali terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan ma’ruzalarni tinglash oqibatida Suriyadagi «Ahli sunna va al jamoa» nomli terroristik tashkilot ta’siriga tushib qolgan.
Tashkilot targ‘ibotchilari yigit bilan aloqada bo‘lib turgan. Unga turli topshiriqlar berishgan, jumladan, uyida jamoat tuzishni aytishgan. Shuningdek, yigit ularning topshirig‘iga asosan Instagram`da «Al-g‘arib» nomi ostida sahifa ochib, unga «Ahli sunna va al-jamoa» tashkiloti media markazi tomonidan tayyorlangan video va audio materiallarni joylashtirgan.
Shu tariqa, u Ulug‘nor va Shahrixon tumanlarida yashovchi 16−19 yoshli 13 nafar yoshlardan iborat bo‘lgan «Ahiylar» nomli virtual jamoatni tuzib, jamoat a’zolari bilan jihod va hijrat qilish mavzulari hamda xalqaro terrorchilik tashkilotlarning da’vat va chaqiriqlarini muhokama qilib kelgan. Ular Suriyaga chiqib ketishni rejalashtirgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan olib borilgan tadbirlar natijasida mazkur jamoat faoliyatiga chek qo‘yilib, 13 nafar yoshlarning Suriyaga chiqib ketishining oldi olindi, deyiladi xabarda.
Holat yuzasidan jamoat a’zolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi 3-qismi «g» bandi (Ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikasiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib, diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da’vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.