Buyuk Britaniya Bosh vaziri Endi Bernem 2042 yilgi FIFA Jahon chempionatini Buyuk Britaniyada o‘tkazish g‘oyasini ilgari surdi.
Bu haqda The Times gazetasi manbalarga tayanib xabar berdi.
Gazeta xabariga ko‘ra, Bernem o‘z g‘oyasini Manchesterdagi bosh vazirning yangi ofisida shahar merlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ilgari surgan. Xabarlarga ko‘ra, bosh vazir Futbol Assosiasiyasi va Angliya Premyer-ligasi bilan turnirni o‘tkazish uchun ariza berish imkoniyati haqida muzokaralar olib bormoqda.
The Times xabariga ko‘ra, Bernem hukumati ham 2040 yilda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun ariza berishga tayyorlanmoqda. Gazeta Bernem mintaqaviy iqtisodiy o‘sishni kuchaytirish uchun musobaqalarni Shimoliy Britaniyadagi shaharlarda tashkil qilmoqchi ekanligini ta’kidladi. Ilgari, Buyuk Manchester meri sifatida Bernem hukumatdan Olimpiada o‘yinlarining Angliyaning shimolida o‘tkazilishini ta’minlashni so‘ragan.
Angliya FIFA Jahon chempionatini o‘z tarixida faqat bir marta, 1966 yilda o‘tkazgan. Bu ingliz futboli Jahon chempionatida g‘alaba qozongan yagona holat edi.
So‘nggi Jahon chempionati shu yozda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tdi. Keyingi turnir 2030 yilda Ispaniya, Portugaliya va Marokashda bo‘lib o‘tadi. Argentina, Urugvay va Paragvay ham guruh bosqichining bittadan o‘yiniga mezbonlik qiladi. 2034 yilgi Jahon chempionati Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.