Rossiyalik harbiylar safarbarlikka tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda — The Wall Street Journal.
Nashrning G‘arb razvedka xizmatlari vakillariga tayanib yozishicha, Iyul oyida Kaliningrad viloyatida safarbarlik e’lon qilingan taqdirda qanday harakatlanish bo‘yicha harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.
WSJ manbalariga ko‘ra, mashg‘ulotlar davomida harbiylar, jumladan, hududda safarbarlik tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik darajasini, safarbar qilinganlarni joylashtirish imkoniyatlarini, ularni oziq-ovqat va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash tizimini tekshirgan.
G‘arb maxsus xizmatlari vakillarining aytishicha, shunga o‘xshash o‘quv mashg‘ulotlari Rossiyaning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda. Biroq ular aynan qaysi hududlar haqida gap ketayotganini ochiqlamagan.
WSJ manbalari buni yangi safarbarlik to‘lqini e’lon qilinishiga tayyorgarlik deya atagan. Ularning fikricha, sentyabrdagi parlament saylovlariga qadar safarbarlik e’lon qilinishi ehtimoldan yiroq.
Yangi safarbarlik to‘lqini ehtimoli haqida iyun oxiridan buyon xabar berib kelinmoqda. Eng ko‘p tilga olinayotgan taxminga ko‘ra, safarbarlik sentyabrdagi saylovlardan keyin e’lon qilinishi mumkin.
Rossiya rasmiylari esa yangi safarbarlik rejalari borligini inkor etib kelyapti. Moskva 2022 yil sentyabrda safarbarlik e’lon qilinishidan oldin ham shunday bayonotlar bergandi. Shu bilan birga, 2022 yilda boshlangan safarbarlikni rasman tugatish haqida alohida farmon hanuz e’lon qilinmagan.