Italiyaning «Piza» klubi rahbariyati jamoa bosh murabbiyi lavozimiga Davide Anchelotti nomzodini jiddiy ko‘rib chiqmoqda. Karlo Anchelottining o‘g‘li klubdagi mavqei ancha beqaror bo‘lib qolgan Alberto Jilardinoning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan asosiy da’vogarlardan biri hisoblanadi. Bu haqda La Gazzetta dello Sport xabar bermoqda.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, klub noan’anaviy qaror izlamoqda va mashhur familiyaga ega yosh mutaxassisga ishonch bildirishga tayyor. Davide Anchelotti yaqinda «Botafogo»da mustaqil faoliyatidagi ilk tajribasini o‘tkazdi: u jamoa bilan Braziliya chempionatida oltinchi o‘rinni egallab, klubni Libertadores kubogi saralash bosqichiga olib chiqqan. Shundan so‘ng esa u lavozimidan ozod etildi.
Avvalroq Davide Anchelotti ko‘p yillar davomida otasining murabbiylar shtabi tarkibida ishlab, «PSJ», «Real», «Bavariya», «Napoli» va «Everton» klublarida faoliyat yuritgan.