Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Quva tumani bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.S. “Markaziy dehqon bozori” hududidagi savdo do‘konida umumiy bahosi 328,5 mln so‘mlik 99 turdagi 12 575 quti tegishli hujjatlari bo‘lmagan va aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini savdoga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentining Farg‘ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro U.X.ning boshqaruvidagi “Onix” rusumli avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, avtotransport vositasi saloni va yuk xonasida xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan tegishli hujjatlari bo‘lmagan 36 turdagi 3471 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlari borligi aniqlanib, ushbu tamaki mahsulotlari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Ushbu tamaki mahsulotlarining manbasini aniqlash bo‘yicha davom etgan tadbirda U.X.ning qiziga tegishli Qo‘qon shahar “Bekbo‘tabek” ko‘chasidagi xonadoni ko‘zdan kechirilganda, umumiy bahosi 272,9 mln so‘mlik 34 turdagi 10 960 quti tegishli hujjatlari bo‘lmagan va aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini o‘tkazish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “M.W” MCHJ mas’ul shaxslari savdo do‘konida umumiy bahosi 209,7 mln so‘mlik 63 turdagi 8 520 quti tegishli hujjatlari bo‘lmagan va aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini savdoga qo‘yganliklari aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Namangan viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.D., A.A. va boshqalar Chust tumani “Qoraqo‘rg‘on” MFY hududidagi Qirg‘iz-O‘zbek davlat chegarasi orqali noqonuniy ravishda xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan 2 turdagi 5 500 quti aksiz markasiz tamaki mahsulotlarini O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.
Departamentning Bekobod shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bekobod” temir yo‘l chegara bojxona postida “Xo‘jand-Volgograd” xalqaro yo‘lovchi tashish temir yo‘l tarkibining vagoni ko‘zdan kechirilganda, 2 turdagi 4 980 quti tamaki mahsulotlari borligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Ohangaron tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanib kelgan fuqaro J.M. 4 266 quti tamaki mahsulotlarini fuqaro A.A.ga 13 500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.