Bugun 9 yanvar, 2026 yil, juma

КИР

Alijonovning "Persepolis"ga transferi nega amalga oshmagani ma’lum bo‘ldi

Alijonovning "Persepolis"ga transferi nega amalga oshmagani ma’lum bo‘ldi

"Persepolis" klubi bosh direktori Paymon Haddadi Persepolis TV orqali chiqish qilib, O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi va "Paxtakor" futbolchisi Hojiakbar Alijonov transferi nima sababdan amalga oshmay qolganiga izoh berdi.

O‘ng qanot himoyasi uchun biz "Paxtakor" futbolchisi Hojiakbar Alijonov nomzodini ko‘rib chiqdik. Muxlislar oldida ochiq bo‘lishni istayman va muzokaralar jarayonini to‘liq tushuntirib beraman. Avvalo, "Paxtakor" klubiga rasmiy murojaat qildik. Ular futbolchi uchun 800 ming dollar talab qilishdi, biz esa 400 ming dollar taklif qildik. Janob Xalili Toshkent klubi sport direktori bilan bir necha bor uchrashdi va yakunda 600–650 ming dollar atrofida kelishuvga yaqinlashdik. Shundan so‘ng futbolchi bilan 1,5 mavsumlik va yana 1 mavsumga uzaytirish sharti bilan shartnoma bo‘yicha kelishib oldik.

Ammo muhim bir jihat bor. Biz kim bilandir muzokara olib borsak, o‘zini eronlik deb tanishtiradigan ayrim shaxslar kelishuvni buzishga urinadi. Ushbu holatda ular futbolchining o‘ziga, hatto onasiga ham mamlakatdagi vaziyatni yomon ko‘rsatishga qaratilgan foto va videolar yuborishdi. Shuningdek, klubning moliyaviy holati haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatildi. Natijada futbolchi vakillari rozilik pulini to‘liq talab qila boshladi. Men hatto "Paxtakor" kuzatuv kengashi raisi bilan shaxsan gaplashdim, biroq baribir ikkilanishlar saqlanib qoldi.

Mening fikrimcha, ular futbolchining qiymatini yaxshi anglab yetdi va uni jahon chempionatidan keyin yanada yaxshiroq takliflar bilan sotishni rejalashtirmoqda. Shu sababli bu transfer amalga oshmasligi mumkin. Shunga qaramay, har bir pozisiya uchun bizda uchtadan tasdiqlangan variant mavjud. Klub va mamlakat manfaatlariga zarar yetkazgan, hatto shantaj bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan esa huquqiy choralar ko‘rilmoqda", — dedi Haddadi.

Kiritildi: 09:10 06.01.2026. O'qildi: 1722 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!