Juma kuni arab tilidagi al-Bayan nashrida yo‘lovchi samolyotlariga teraktlar uyushtirishga chaqiriq e’lon qilindi. Nashr yaqinda «Al-Qoida» tarafdorlari tomonidan ishga tushirilgani aytilmoqda.
Materialda 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlar hujumlarga namuna sifatida tilga olingan va Jahon savdo markazining egizak binolariga samolyot urilgan tasvir joylashtirilgan.
Bu chaqiriq 30 sentyabr kuni Flydubai samolyotida sodir bo‘lgan hodisadan keyin paydo bo‘lgan. Parvoz vaqtida Ummon fuqarosi, 29 yoshli ikkinchi uchuvchi Hamam al-Hammami kabinada samolyot komandiriga hujum qilib, boshqaruvni egallashga uringan. Ekipaj a’zolari va yo‘lovchilar uni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan.
🇦🇪 BAA Bosh prokuraturasi dastlabki tergov hodisa terrorchilik harakatiga urinish bo‘lganini ko‘rsatayotganini ma’lum qildi. Tergovchilar uning motivi, ehtimoliy aloqalari va raqamli izlarini o‘rganmoqda.
Shu bilan birga, uning «Al-Qoida» bilan bog‘liqligi hozircha rasman tasdiqlanmagan. Tergov uning yolg‘iz harakat qilgan-qilmagani yoki terrorchilik tashkiloti bilan aloqasi bo‘lganini aniqlamoqda.
Qizig‘i, hodisadan taxminan 9 soat o‘tib, al-Hammamining LinkedIn va Instagram akkauntlarida samolyot kabinasi, Isroil samolyotlari va «Al-Qoida»ning sobiq rahbari Ayman az-Zavahiriyga oid suratlar paydo bo‘lgan. U paytda u allaqachon hibsda edi. Bu materiallarni kim joylagani noma’lum — ular oldindan avtomatik tarzda chiqarishga qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin.
Tergov davom etmoqda.