Andijoda aholiga imtiyozli narxlarda yetkazib berish uchun ajratilgan ko‘mirni sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, tezkor tadbirda “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Paxtaobod ko‘mir ombori ekspeditor-g‘aznachisi SH.T. (muqaddam sudlangan) 35,1 tonna ko‘mirni tadbirkorga 35,1 mln so‘mga sotishga kelishib, shundan 2800 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mutaxassislarni jalb qilgan holda omborda o‘tkazilgan xatlovda 196,1 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan.
Shuningdek, “Ko‘mir ta’minot” MCHJning Qo‘rg‘ontepa ko‘mir ombori mas’ul shaxslari 153,6 tonna ko‘mirni ko‘mir savdosi bilan shug‘ullanib kelgan 7 nafar fuqaro va tadbirkorga sotgan. Ular har bir kilosini 1200 so‘mdan hisoblab sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Omborda o‘tkazilgan xatlovda 183,9 tonna ko‘mir kamomadi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.