Xalqaro suv resurslarini boshqarish instituti (IWMI) yetakchi ilmiy xodimi Saymon Langan boshchiligidagi ekspertlar guruhi Afrikada 717 million kishi toza suvdan foydalanish imkoniyatidan mahrum ekanini aniqladi.
Tadqiqot natijalari Nature ilmiy jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilar 2010–2020 yillar oralig‘ida qit’aning 49 ta mamlakatidagi tegishli milliy tashkilotlar va agentliklar tomonidan to‘plangan ma’lumotlarni tahlil qilgan. Ushbu ma’lumotlar asosida olimlar butun Afrika bo‘yicha suv resurslariga bo‘lgan talab va ularning iste’molini aks ettiruvchi batafsil xaritani tuzishgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Afrikada atigi 642 million kishi toza vodoprovod suvidan foydalanish imkoniyatiga ega. Ularning aksariyati yirik shaharlarda istiqomat qiladi.
Keyingi tahlillar so‘nggi o‘n yil ichida Afrikada suvga bo‘lgan umumiy talab 26 foizga oshganini ko‘rsatdi. Jumladan, 2010 yilda 274 kub kilometrni tashkil etgan suvga bo‘lgan talab 2020 yilga kelib 347 kub kilometrga yetgan. Bu holat aholi sonining ko‘payishi, sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanishi bilan bog‘liq.
Ushbu suv hajmining qariyb 65 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi. Uy xo‘jaliklari va shahar infratuzilmasi esa suvga bo‘lgan talabning taxminan 17 foizini tashkil etadi.
Alohida mamlakatlar kesimida toza vodoprovod suvi bilan ta’minlanish darajasi Shimoliy va Janubiy Afrika davlatlarida yuqoriroq. Masalan, Misrda bu ko‘rsatkich 99 foiz, Tunisda 92 foiz, Marokashda 78 foizni tashkil etadi. Shuningdek, Botsvanada aholining 91 foizi, Janubiy Afrika Respublikasida 90 foizi va Namibiyada 83 foizi toza vodoprovod suvidan foydalanish imkoniyatiga ega.
G‘arbiy, Markaziy va Sharqiy Afrika davlatlarida esa vodoprovod suvidan doimiy foydalanish imkoniyatiga ega aholi ulushi ancha past. Bu hududlarda yashovchilar shaxsiy ehtiyojlari va sug‘orish uchun ko‘pincha xavfsizlik darajasi past bo‘lgan boshqa suv manbalaridan foydalanishga majbur.