Afrika Ittifoqi (AI) AQShning Nigeriya hukumatini “nasroniylarga qarshi hujumlarda sheriklikda ayblagan” va harbiy aralashuv bilan tahdid qilgan so‘nggi bayonotlaridan jiddiy xavotir bildirdi. Bu haqda tashkilotning rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Afrika Ittifoqi Komissiyasi o‘z bayonotida:
“Afrika Ittifoqi Nizomida belgilangan suverenitet, ichki ishlarga aralashmaslik, din erkinligi va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiq qoladi”, — deyiladi.
Bayonotda Nigeriya Afrika Ittifoqining muhim va qadrli a’zosi ekani, u mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurashish va tinchlikni saqlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlangan.
Tashkilot AQSh va boshqa xorijiy hamkorlarni Nigeriya bilan munosabatlarda diplomatik muloqot va hamkorlikni ustuvor qilishga chaqirdi.
“Bir tomonlama harbiy tahdidlar qit’ada tinchlikka putur yetkazishi mumkin va Afrika Ittifoqi tamoyillariga ziddir”, — deyiladi bayonotda.
31 oktyabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Nigeriyani “nasroniylarning ommaviy o‘ldirilishi” uchun “alohida xavotirli davlat” deb atagan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Nigeriyaga yordamni to‘xtatishi yoki hatto harbiy choralar ko‘rishi mumkin.
Nigeriya prezidenti Bola Axmed Tinubu bu bayonotga javoban shunday dedi:
“Nigeriya demokratik davlat bo‘lib, din erkinligini Konstitusiya kafolatlaydi. Biz hech qanday diniy ta’qibni qabul qilmaymiz.”
Tinubuning ta’kidlashicha, hukumat 2023 yildan buyon ham nasroniy, ham musulmon yetakchilar bilan muloqotda bo‘lib, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash yo‘lida ish olib bormoqda.
Garbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Jamiyati (ECOWAS) ham terrorchilik tahdidlari butun mintaqada kuchayganini va bu hujumlar ham musulmonlar, ham nasroniylar, ham boshqa din vakillarini nishonga olayotganini ma’lum qildi.