Afg‘onistondagi «Tolibon» ma’muriyati va Rossiya o‘rtasida umumiy qiymati 103 million dollarga teng bo‘lgan 15 ta iqtisodiy hamkorlik bitimi imzolandi. Kelishuvlar ikki mamlakat o‘rtasida savdo va investisiya aloqalarini kengaytirishga qaratilgan.
«Tasnim News» xabariga ko‘ra, bu haqda Afg‘oniston hukumati vakili o‘rinbosari Hamdulla Fitrat ma’lum qilgan. Bitimlar ikki mamlakat savdo palatalari hamda qator xususiy kompaniyalar o‘rtasida tuzilgan.
Kelishuvlarga muvofiq, tomonlar farmasevtika, energetika resurslari, bug‘doy, yog‘, un, alkogolsiz ichimliklar, yangi mevalar va boshqa tovarlar importi hamda eksporti bo‘yicha hamkorlik qiladi.
Hujjatlar Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk boshchiligidagi delegasiyaning Kobulga rasmiy tashrifi davomida imzolandi. Marosimda Afg‘oniston bosh vaziri o‘rinbosari Abdulg‘ani Barodar ham ishtirok etdi.
Overchuk 12 noyabr kuni Kobulga yetib borgan. U tashrif doirasida Afg‘oniston bosh vaziri Hasan Oxund bilan uchrashib, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilgan.
Shuningdek, tashrif davomida energetika sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi ham imzolangan. Biroq hujjat shartlari va rejalashtirilayotgan investisiyalar hajmi hozircha oshkor etilmagan.
Rossiya «Tolibon» hukumatini tan olganidan keyin Kobul bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarini faollashtirdi. Har ikki tomon savdo, investisiya va energetika sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirmoqda.